Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Muhammad Mudassir Tipu ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma‘lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Strategik hamkorlik kengashi doirasidagi mexanizmlarni faollashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.
Yakunda Baxtiyor Saidov yangi elchiga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.