O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar Markaziy bank reyestriga kiritiladi.

Prezident “Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari, bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar muddatli to‘lov xizmati operatori hisoblanadi.

Muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish uchun tashkilotlar Markaziy bank shakllantiradigan maxsus reyestrga kiritilishi kerak. 

Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish, boshqa yuridik shaxslar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali reyestrga kiritiladi.

Ko‘chmas mulk hamda qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan boshqa mol-mulk muddatli to‘lov obyekti bo‘la olmaydi.

Shuningdek, muddatli to‘lov operatorlariga moliyaviy iste‘mol kreditlari ajratish va jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi.

Muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqini faqat boshqa muddatli to‘lov operatori, mikromoliya tashkiloti yoki bank foydasiga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling