Prezident farmoni bilan Mustaqillik bayrami arafasida jazo muddatini o‘tayotgan 852 kishi afv etildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan lavhada maʼlum qilindi.
Farmonga ko‘ra, afv etilganlarning 604 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 115 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etiladi.
Yana 52 nafar shaxsga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, 81 nafar mahkumning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida 7 nafar chet el fuqarosi hamda taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan 63 nafar shaxs bor.
Shuningdek, afv etilganlarning 375 nafarini yoshlar, 49 nafarini ayollar hamda 37 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar tashkil etadi.