Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini xalqaro aeroportda barpo etilayotgan yangi yo‘lovchi terminali qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qurilish ishlari davlat rahbarining 2021-yil 29-martdagi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Namangan xalqaro aeroporti 1971-yilda foydalanishga topshirilgan. 2013-yildan xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshiryapti.
Loyihaga jami 175 mln dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar zamonaviy talablarga javob beradigan yangi yo‘lovchi terminali ishga tushiriladi.
Maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli terminal soatiga 1,2 ming nafar va yiliga 3 mln nafardan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa aeroportning hozirgi quvvatini bir necha barobar oshiradi.
Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi. Natijada 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2027-yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna bo‘lgan kargo terminali foydalanishga topshiriladi. Farg‘ona vodiysi uchun yagona zamonaviy kargo tizimi shakllantirilib, mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyati kengayadi.
Davlat rahbari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, aeroport infratuzilmasini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.