Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi 7-avgust kuni Namangan shahrining sobiq hokimi A.O.ga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud hukmi bilan A.O. Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab soxtakorligi hamda pora olishni nazarda tutuvchi moddalarida aybdor deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 3 yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishjazosi tayinlandi.
Shuningdek, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yana uch nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ikki nafariga 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari, yana bir nafariga esa 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Qayd etilishicha, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi, shuningdek, protest keltirilishi mumkin.