Namanganda gaz tarmog‘ini tortib berishni va‘da qilgan shaxslar $1900 olayotganda ushlandi

Ular fuqarolarning xonadonlariga gaz tarmog‘ini tortish va tegishli ruxsatnoma olib berish evaziga $2100 talab qilgan.

Namangan viloyatida fuqarolarning xonadonlariga tabiiy gaz tarmog‘ini tortib berish va buning uchun ruxsatnoma olib berishni va‘da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

“Pop tumangaz” operatori N.R. hamda muqaddam sudlangan fuqaro P.Z. yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ikki fuqaroning xonadoniga tabiiy gaz tarmog‘ini tortib kelish va ruxsatnoma olib berishni va‘da qilgan.

Buning evaziga ular $2100 talab qilib, dastlab $200ni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. 

Gumonlanuvchilar qolgan $1900ni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida N.R. tomonidan avval olingan $200ning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling