Narpayda kesilishiga ruxsat berilmagan o‘nlab daraxt noqonuniy kesilgani aniqlandi

Ekologiya boshqarmasi hisob-kitobiga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga qariyb 192 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Narpay tumanida kesilishiga ruxsat berilmagan o‘nlab manzarali daraxtlarning noqonuniy kesilgani aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan viloyat prokuraturasi topshirig‘i bilan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan. 

Tekshiruv davomida Narpay tumanidagi “Nag‘oraxona” mahallasi hududidagi "Salomatlik yo‘lagi" atrofida kesilishiga ruxsat berilmagan bo‘lsa-da, mas‘ullarning loqaydligi oqibatida bir necha o‘nlab manzarali daraxtlar noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan.

Xususan, 15 tup mojjivelnik daraxtining kesilishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 75,8 mln so‘m, noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilgach qurib qolgan 17 tup Eldor qarag‘ayi sabab esa 116,2 mln so‘m zarar yetkazilgani hisoblangan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling