Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Navoiyda noqonuniy oltin qazib olgan shaxslar ushlandi

Bitta holatda yetkazilgan zarar taxminan 7 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi. 

Navoiyda noqonuniy oltin qazib oluvchilar aniqlandi, deb xabar berdi DXX.

Jumladan, davlat zaxirasidagi yerlarda tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni qazib olib, kimyoviy qayta ishlov berish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar fosh etildi. 

Ularga Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro boshchilik qilgan. U Karmana tumanidagi parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jalik binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda 200 kg yarim tayyor oltin, 200 dona qopda oltin moddasi bo‘lgan qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, 1 dona maxsus laboratoriya jihozi, 8 dona gaz ballon, 1 dona maxsus tegirmon va boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga va ekologiyaga yetkazilgan zarar taxminan 7 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Navbahor tumanida kuzatilgan holatda esa mahalliy korxona rahbari soxta ruxsatnoma asosida, “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi 8 gektarda 19 nafar fuqaroni jalb qilgan holda oltin qazib olish bilan shug‘ullangan.

Tezkor tadbir davomida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalar, 1,4 kg kimyoviy vositalar, 4 ta yuk avtomobili, 4 ta yuklovchi traktor hamda asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.

Hozirda holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlanib, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling