Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga kirish imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi

Imtihonlar, milliy sertifikat va pedagoglar attestatsiyasida nogironligi bo‘lgan nomzodlarga belgilangan vaqtning yana 50 foizi qo‘shimcha ajratiladi.

2027/2028-o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan abituriyentlar va pedagoglar uchun imtihon topshirish tartibi o‘zgartiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, oliy ta‘lim tashkilotlariga kirish imtihonlari, umumta‘lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikat olish sinovlari hamda nogironligi bo‘lgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda ularga belgilangan vaqt me‘yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt beriladi.

Shuningdek, Braille alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 2026/2027-o‘quv yilidan alohida ta‘limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta‘lim muassasalarida o‘qitish individual ta‘lim rejalari asosida tashkil etiladi.

2026-yil 1-sentabrdan korreksion sinf tashkil etgan nodavlat ta‘lim muassasalariga ushbu sinfdagi har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.

Uning miqdori Toshkent shahrida BHMning 11 baravari, viloyatlar markazlari va Nukus shahrida 9,5 baravari, boshqa tuman va shaharlarda esa 8,5 baravarini tashkil etadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-maydan alohida ta‘limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni vaucher asosida zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar bilan ta‘minlash tizimi joriy etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling