Nurafshon shahar Yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Mirmahmudovich mahalla yoshlar yetakchilariga qo‘pol va haqoratomuz munosabatda bo‘lgani ortidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi xabar berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Mirmahmudovichning mahalla yoshlar yetakchilariga qo‘pol va haqoratomuz munosabatda bo‘lgani aks etgan audioyozuv tarqalgan edi.
Shundan so‘ng Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi va Nurafshon shahar hokimligi xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.
Tekshiruv davomida audioyozuvdagi holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Aniqlanishicha, 18-avgust kuni mahalla yoshlar yetakchilari ishtirokidagi yig‘ilishda bo‘lim rahbari xizmat odobi va kasbiy etika talablarini qo‘pol ravishda buzib, ularga keskin va haqoratomuz munosabatda bo‘lgan.
Shuningdek, uning ish faoliyatida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Mirmahmudovich bilan o‘tkazilgan suhbatda u qo‘pol xatti-harakatlarini tan olib, o‘zi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish istagini bildirgan.
Natijada u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ish faoliyatida aniqlangan boshqa kamchiliklar bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda.