Olmaotada ishlayotgan vaqtida insultga chalingan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, Olmaotadagi Bosh konsulxona vatandoshning murojaati va sog‘lig‘i holatini inobatga olib, unga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirgan hamda Olmaota—Toshkent yo‘nalishiga aviachipta xarid qilinishida amaliy yordam ko‘rsatgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning huquqni muhofaza qiluvchi va migratsiya organlari bilan hamkorlikda fuqaroning mamlakat hududidan belgilangan tartibda qonuniy chiqib ketishi ta‘minlangan.
Bundan tashqari, konsulxona ushbu jarayonda vatandoshni yashash joyi, kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta‘minlash, hujjatlarini rasmiylashtirish hamda boshqa ijtimoiy-maishiy masalalarda beg‘araz yordam ko‘rsatgan Qozog‘iston fuqarosiga minnatdorlik bildirdi.