Prezidentning “O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, o‘rmon fondi resurslaridan samarali foydalanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- 2030-yilgacha 1,5 million gektarda o‘rmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash hamda 3,8 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish;
- 2030-yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va butalar urug‘larini tayyorlash hamda 919 million dona nihol va ko‘chatlarni yetishtirish;
- 2025–2026-yillarda tog‘ va tog‘oldi hududlardagi 500 gektarda “terrasa” usulida daraxt va buta ko‘chatlari ekish.
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi “O‘rmontexnoservis” davlat unitar korxonasi negizida “O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi. Markaz quyidagilarni nazarda tutuvchi “Aqlli o‘rmon xo‘jaligi” (Smart forestry) axborot platformasining yagona operatori hisoblanadi:
- o‘rmon resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning holatini real vaqt rejimida monitoring qilish;
- o‘rmon xo‘jaligi sohasi faoliyati zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali samarali boshqarilishi taʼminlanadi.