24-avgust kuni soat 07:30 lar atrofida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida uchta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIBB YHXB xabar berdi.
Hodisa D002 Toshkent — Nurafshon avtomobil yo‘lining 9-kilometrida yuz bergan.
1991-yilda tug‘ilgan haydovchi Labo avtomobilida qayrilib olayotgan vaqtda o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti va Tracker avtomobillari bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida avtomobillarda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida harakat ishtirokchilaridan hech kim jarohat olmagan.
Hozirda holat yuzasidan O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.