Prezident 13-avgust kuni ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bolaga otasining ismi, shuningdek, milliy an‘analarga muvofiq ota yoki ona tomondan bobosining ismi bo‘yicha familiya berish mumkin bo‘ladi. Avval kodeksda otaning ismini familiya sifatida berish nazarda tutilmagan edi.
Bundan tashqari, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga elektron va nodavlat arxivlarni tashkil etishga oid normalar kiritildi.
Elektron arxivlarda tegishli apparat-dasturiy ta‘minot, hujjatlarni raqamlashtirish vositalari va dasturlari mavjud bo‘lishi kerak. Shuningdek, tizim hujjatlarni qidirish, boshqarish va ularga ishlov berish imkonini berishi, elektron hujjatning asl nusxaga muvofiqligini ta‘minlashi hamda axborot va kiberxavfsizlik talablariga javob berishi lozim.
Qonun bilan davlatga tegishli bo‘lmagan Milliy arxiv fondi hujjatlari va boshqa nodavlat arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash hamda ulardan foydalanish uchun nodavlat arxivlar tashkil etish imkoniyati ham belgilandi.
Shuningdek, Adliya vazirligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari aniq belgilandi.
Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan kuchga kiradi.