Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati 43 darajagacha ko‘tariladi

Issiq havo respublikaning katta qismida 2-avgustgacha saqlanib turadi. Keyingi haftadan boshlab esa harorat pasayishi kutilmoqda.

31-iyul va dam olish kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida issiq ob-havo saqlanib qoladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Bugun kunduzi havo harorati 38–41 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarida esa 42–43 darajagacha ko‘tariladi. Qayd etilishicha, bu iyul oyi oxiri va avgust oyi boshi uchun iqlim me‘yoridan 2–4 darajaga yuqori.

1–2-avgust kunlari issiq ob-havo respublikaning katta qismida saqlanib turadi. Faqat shimoli-g‘arbiy hududlarda harorat pasaya boshlaydi.

Shu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Prognozga ko‘ra, keyingi haftada O‘zbekistonning barcha hududlarida havo harorati pasayadi.

Toshkent shahrida 31-iyul — 2-avgust kunlari kunduzi 37–40 daraja, kechasi esa 23–26 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling