O‘zbekistonda so‘nggi kunlardagi nisbatan salqin ob-havodan so‘ng dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Bugun, 7-avgust kuni kunduzi havo harorati respublika bo‘yicha 34−37 daraja bo‘ladi. 8−9-avgust kunlari esa harorat 37−40 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarining ayrim joylarida 41−42 darajagacha ko‘tariladi.
Shu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat tog‘li hududlarning ayrim joylarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuz berishi ehtimoli bor.
Shuningdek, 8−9-avgust kunlari respublikaning shimoliy va cho‘l hududlarida shamol tezligi sekundiga 13−18 metrgacha kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bugun havo harorati 36 daraja atrofida bo‘lsa, dam olish kunlari 37−39 darajagacha ko‘tariladi. Kechasi esa havo harorati 21−24 daraja bo‘ladi.