Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonunga sharh berdi.
Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat bo‘lib, Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlarini belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, Administratsiya prezident vakolatlari amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta‘minlaydigan davlat organi hisoblanadi. Uni prezident shakllantiradi, Administratsiya prezident belgilagan asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi hamda unga bo‘ysunadi va hisobdor bo‘ladi.
Administratsiyaning asosiy vazifalari qatoriga prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta‘minlash, farmon, qaror va farmoyishlar loyihalari hamda topshiriqlarini tayyorlash, ularning ijrosini tashkil etish va nazorat qilish kiradi.
Shuningdek, Administratsiya mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqadi, aholi va tadbirkorlar bilan ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tashkil etadi hamda ularni qiynayotgan masalalarga yechimlar tayyorlaydi.
Bundan tashqari, qonunlarni imzolash yoki qaytarishga tayyorlash, prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tashkil etish hamda prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi va hisobdor davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish Administratsiya vazifalari etib belgilandi.
Qonunda Administratsiya rahbarining huquqiy maqomi va vazifalari, mansabdor va boshqaruv xodimlarini lavozimga tayinlash hamda ozod etish tartibiga oid normalar ham belgilangan. Shuningdek, prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslari yaratilgan.
Administratsiya prezident faoliyatini tashkil etish doirasida parlament, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, sud hokimiyati hamda sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik qiladi.
Shuningdek, u prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlab, prezidentga kiritadi.
Qonunda Prezident Administratsiyasi xodimlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy himoya choralari ham nazarda tutilgan.