Bayram kunlari poyezd, avtobus va samolyotlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi

Ayrim poyezdlar tarkibiga to‘rttagacha qo‘shimcha vagon ulanadi, turistik yo‘nalishlarda esa qo‘shimcha aviaqatnovlar tashkil etiladi.

Bayram kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun temir yo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Temir yo‘l transportida “Toshkent — Xiva — Toshkent”, “Toshkent — Qo‘ng‘irot — Toshkent”, “Toshkent — Shovot — Toshkent”, “Toshkent — Termiz — Toshkent” hamda “Toshkent — Sariosiyo — Toshkent” yo‘nalishlaridagi poyezdlar tarkibiga to‘rttagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.

Shuningdek, “Toshkent — Samarqand — Toshkent”, “Toshkent — Buxoro — Toshkent” va “Toshkent — Urganch — Toshkent” yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Ular bayramdan ikki kun oldin boshlanib, bayramdan keyingi ikki kun davomida amalga oshiriladi.

Viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari ham tashkil etiladi. Toshkent Janubiy temir yo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratilib, bayramdan kamida uch kun oldin “Toshkent — Samarqand — Buxoro — Urganch — Nukus” yo‘nalishidagi avtobuslar shu yerga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, bayramdan kamida ikki kun oldin “Toshkent — Urganch”, “Toshkent — Nukus”, “Toshkent — Buxoro” va “Toshkent — Termiz” yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling