Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tdi.
“Milliy jamoamizning AQSh va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u, bir jon bo‘lib, katta his-hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda ko‘plab futbolchilari Yevropaning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo terma jamoalari bilan o‘tkazilgan o‘yinlar orqali o‘ziga tajriba orttirdi, mundial nafasini his qildi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini kiritib, xalqimizga xursandchilik bag‘ishladi”, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev Milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki to‘g‘risida turli fikrlar bildirilayotganini taʼkidladi.
“Lekin Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a‘zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e‘tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim”, – dedi davlat rahbari.
Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yana-da keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishi taʼkidlandi. Eng avvalo, bolalar futboliga eʼtibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantiriladi.
Kelasi yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanadi.
“Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!” – dedi prezident.