Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan loyiha doirasida uzunligi 282 kilometr bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistral barpo etiladi.
Shuningdek, 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Yangi magistral foydalanishga topshirilgach, Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi.
Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini qabul qilishi, yuk tashish tannarxi esa 20–24 foizga kamayishi kutilmoqda.
Prezident mazkur loyiha transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi tarixiy qadam ekanini ta‘kidladi. Shuningdek, Xiva–Urganch yo‘li qurilishi boshlanganini, Toshkent–Andijon avtomobil yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekanini ham ma‘lum qildi.