Toshkentda qalbaki bojxona hujjatlari asosida xorijdan olib kelingan tovar-moddiy boyliklar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida G‘ijduvon tumanida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtomobili Chilonzor tumanidagi bojxona omborida ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruvda tranzit deklaratsiyasi va yo‘l kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 2490 ta tibbiy buyum, 13 794 quti dori vositalari, 880 ta biologik faol qo‘shimcha, 273 370 quti sigaret va tamaki mahsulotlari hamda 3131 ta elektron sigareta aniqlandi.
Shuningdek, yuk orasida hujjatlarda qayd etilmagan 8591 ta mobil telefon, 19 ta planshet va 52 ta parfyumeriya mahsuloti bo‘lgan.
Bundan tashqari, hujjatlardagi miqdori va boshqa xususiyatlari amaldagi holatga mos kelmaydigan 72 501 ta qurilish asbob-uskunalari aniqlangan.
Yuk avtomobili egasi Toshkentda yashovchi 1978 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bilan til biriktirib, mazkur tovarlarni qalbaki bojxona hujjatlari asosida qo‘shni davlatdan olib kelgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.