Qashqadaryo viloyatida o‘ta issiq havo sabab og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kunduzi havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqoriga ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfaltbeton qoplamasi 70–75 darajagacha qizib, yo‘llarning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi.
Natijada og‘ir yuk mashinalari harakati yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiyalar va boshqa texnik nuqsonlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Shu munosabat bilan Qarshi shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha cheklanadi.
Viloyat hokimligi haydovchilar va yuk tashuvchi korxonalardan yuk tashish vaqtlarini oldindan rejalashtirish hamda belgilangan cheklovlarga rioya qilishni so‘radi.