Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi tahlil qilindi.
2026-yil martda Toshkentda uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi 14,6% gacha yetdi. (2025-yil martda - 6,2%). Bunda, ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 8,7% dan 8,0% gacha kamaygan bo‘lsa, uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,6% ga qimmatlashdi.
Lekin, uy-joyga investitsiyalar daromadliligi ko‘chmas mulkning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi:
- 1 xonali: Mirobod – 50,0% (2025-yil mart – 1,0%), Bektemir – 19,3% (22,8%);
- 2 xonali: Yunusobod – 24,8% (0,5%), Yakkasaroy – 13,0% (16,5%);
- 3 xonali: Mirobod – 12,9% (9,5%), Chilonzor – 3,8% (8,7%);
- 4 xonali: Yakkasaroy – 18,5% (12,2%), Bektemir – -14,1% (4,3%).
So‘nggi 1 yilda Toshkent shahri tumanlari kesimida uy-joy daromadliligining o‘rtachadan og‘ishi (standard deviation) 2,8% dan 5,5% gacha yetgan.
Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahri tumanlarida uy-joy narxlari keskin farqlanib borayotganligidan dalolat beradi. Xususan, 2026-yil mart oyida Toshkent shahri tumanlarida uy-joy narxlarining o‘rtachadan og‘ishi 2025-yildagi 2,8 %dan 5,4 %gacha yetgan.
Shuningdek, ijara narxlarida bu farq sezilarli oshmagan (0,4% dan 0,6% ga).
Uy-joylar narxi o‘zgarishidan olinadigan daromad
2026-yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joy xarid qilib, joriy yil mart oyida ushbu uyni sotishga to‘g‘ri kelgan investorlar bir yil ichida uy-joylar bozor qiymatining oshishidan uyni xarid narxidan o‘rtacha 6,6% daromad qilishgan.
Xususan, ushbu ko‘rsatkich Chilonzor tumanida -1,9%ni, Bektemir tumanida 0,8%ni, Yashnabod tumanida 3,1%ni tashkil qilgan bo‘lsa, Toshkent shahrining nisbatan qimmat uy-joylari joylashgan Mirobod tumanida 16,6% va Yakkasaroy tumanida 12,4% gacha yetdi.
Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joylar ijarasidan olinadigan o‘rtacha daromad 2025-yilning mos davriga nisbatan 0,7%ga pasayib, 8,0%ni tashkil qildi.
Mazkur davrda, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha daromadlilik Shayxontohurda 9,1% (2025-yil mart oyida – 9,3%) va Yashnobodda 8,4% (8,8%) qayd etildi.
Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqoriroq bo‘lgan 1 va 2 xonali xonadonlar uchun daromadlilik darajasi mos ravishda 29,8% (2025-yil mart oyida - 9,3%) va 17,4%ni (4,8%) tashkil qilgan bo‘lsa, 3 va 4 xonali xonadonlarda nisbatan pastligicha saqlanib qoldi.
Xususan, 3 xonali xonadonlarning o‘rtacha daromadliligi 8,7%ni (6,2%) 4 xonali xonadonlarda 2,4%ni (4,4%) tashkil qildi.
Bank depozitlari daromadlilik darajasi
2025-yil martidan 2026-yilning fevral oyigacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 4,9% atrofida tebranib turgan bo‘lsa, milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,2 %ni tashkil etgan.
Ushbu raqamlar, bir tomondan, uy-joyning investitsiyaviy daromadliligi jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlaridan olinadigan o‘rtacha daromadliligidan yuqori bo‘lsa-da, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari jozibadorligi yuqoriligicha saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.