Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisdan tugab borayotgan 2022-yilgi davlat byudjeti haqidagi qonunni oʻzgartirishni soʻramoqda.
Deputat Rasul Kusherbayevning maʼlum qilishicha, tegishli qonun loyihasi deputatlar qoʻliga “shoshilinch berilgan”. Unda 2022-yil byudjetini yana 2 trln soʻmga oshirish koʻzda tutilgan:
- davlat-xususiy sherikligi asosida asosida faoliyat koʻrsatayotgan xususiy bogʻchalar sonining ortib borayotgani hisobiga, bu yoʻnalishga qoʻshimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha taʼlim vazirligiga – 407,1 mlrd soʻm;
- issiqlik taʼminoti boʻyicha aholiga past darajali tariflar qoʻllanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga – 404,7 mlrd soʻm;
- eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan toʻlanadigan utilizatsiya yigʻimi xarajatlariga davlat byudjetidan mablagʻ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga – 224,5 mlrd soʻm;
- hududlarda zudlik bilan yechilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy byudjetlarga qayta taqsimlash (oʻtkazib berish) maqsadida Moliya vazirligiga – 1 mlrd soʻm.
“Eng qizigʻi utilizatsiya yigʻimi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, monopolist UzAuto Motors utilizatsiya yigʻimini toʻlayaptimi-yoʻqmi, bu yashirilayotgan bir vaqtda davlat byudjetidan utilizatsiya yigʻimi xarajatlariga 224,5 mlrd soʻm ajratish soʻralishi – mantiqsizlik. Katta ehtimol bilan xalqning gʻaznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga oʻtkaziladi”, – deya yozgan Kusherbayev.
Deputat bu loyihaning qabul qilinishiga toʻliq qarshiligini bildirgan. Uning Iqtisodiyot vazirligiga tayanib aniqlik kiritishicha, soʻralayotgan 224,5 mlrd soʻm mablagʻ ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchiga toʻlab berilishi koʻzda tutilgan. Bular:
- UzAuto Motorsʻga – 137,5 mlrd soʻm;
- SamAutoʻga – 87 mlrd soʻm.
Eksport qilinayotgan avtomobillar uchun xorijdagi utilizatsiya yigʻimi boʻyicha xarajatlarni davlat byudjetidan kompensatsiya qilishga amaldagi byudjet qonuni boʻyicha 2022-yilda 100 mlrd soʻm yoʻnaltirish belgilagan. Hukumat soʻrovi qondirilsa, bu summa 324,5 mlrd soʻmga yetadi.
Avtoishlab chiqaruvchilarning eksporti xarajatlari bir qismi soliq toʻlovchilar zimmasiga yuklanayotgani tanqidlarga sabab boʻlmoqda.
Skrinshot
“Olaveringlar, davlatimiz kamayib qolarmidi...” – deya kinoya qildi parlament deputatlaridan yana biri Doniyor Gʻaniyev.
“Shu zavodning yopilishi qancha pulni iqtisod qilar edi. Xuddi shunga oʻxshagan yuzlab “koʻrinmas” kichik zavodlar bor, bir-ikki odamni ishlataman deb, 35 million xalqning hayotini qimmatroq va qiyinroq qilishadi. Iqtisodiyotimizga turgan bitgani zarar”, – deya yozdi iqtisodchi Behzod Hoshimov.
Skrinshot
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`lingIqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni “parazitlikning oliy namunasi” deya taʼriflab, UzAuto Motors shundogʻam ichki bozorda sotayotgan avtomobillari uchun utilizatsiya yigʻimini toʻlamayotgan boʻlishi mumkinligini eslatdi. Davlat byudjetiga toʻlanishi kerak boʻlgan bu summa 7 trln soʻmdan oshiqroqligi aytilmoqda. Hozirgacha birorta idora bu pul toʻlanganmi-yoʻqmi, toʻlangan boʻlsa, qancha toʻlangan – ochiqlagan emas.
“Yil boshida tasdiqlangan byudjetda xorijga eksport qilingan avtomobillar uchun utilizatsiya yigʻimini qoplashga 100 mlrd subsidiya bir dumalab yil oxirida 325 mlrd soʻmga yetibdi. Bu – siz oʻz yoningizdan qozogʻistonlik va rossiyalik xaridorlar sotib olayotgan avtomobillar uchun ham utilizatsiya yigʻimini toʻlayapsiz degani.
Bundan badtar parazitlik boʻlishi mumkinmi?” – deydi Bakirov.