18-fevral kuni Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro A.Sh. (ona) mahalla profilaktika inspektori katta leytenant Jahongir Mahmudovga o‘g‘il farzandi – 9-sinf o‘quvchisi O‘.O‘.ning uyida oila aʼzolari bilan janjallashayotganligi hamda maktabga borishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan.
Profilaktika inspektori holatni o‘rganish maqsadida manzilga yetib borgan. U murojaatchi ayol bilan farzandining xulq-atvori haqida xizmat xonasida inspektor-psixologni jalb etgan holda suhbat o‘tkazish zaruratini tushuntirayotgan.
Shu vaqtda o‘quvchi O‘.O‘. Jahongir Mahmudovning orqa tarafidan yaqinlashib, qo‘lidagi oshxona pichog‘ini xodimning chap orqa beliga sanchib olgan.
Profilaktika inspektori fuqaro O‘.O‘.ni jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirib, voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan.
Ichki ishlar organlarining voqea joyiga yetib kelgan yordamchi kuchlari tomonidan xonadonda yashovchi fuqarolarning xavfsizligi to‘liq taʼminlangan. Shundan so‘ng, profilaktika inspektori Jahongir Mahmudov shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Birlamchi tekshiruvga ko‘ra, xodimga “Ko‘krak qafasi chap orqa tomoni plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qo‘yilib, shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.