22-avgust kuni Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida Nexia-2 va Kamaz yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Hodisa soat 06:47 da Birkazan tumanidan o‘tuvchi Qorabutak — Qizilo‘rda — Chimkent avtomobil yo‘lining 1831−1836-kilometrlari oralig‘ida yuz bergan.
To‘qnashuv oqibatida Nexia-2 salonida bo‘lgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida vafot etgan.
FVV mas‘ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishchi guruh tuzdi. Hozirda marhumlarni O‘zbekistonga olib kelish hamda ularning oila a‘zolariga zarur yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, vazirlik xodimlari Qozog‘iston tomoni bilan hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.