Hukumatning Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi.
Markaz respublikadagi radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransportda tashish, qabul qilish, saralash va uzoq muddatli xavfsiz saqlash bo‘yicha yagona xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasasi hisoblanadi.
Markazning asosiy vazifalari etib respublikada ishlab chiqarilgan va unga olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoki ishdan chiqqan radioaktiv manbalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni saralash, qayta ishlash, uzoq muddatli saqlash belgilandi.
Shuningdek, markaz radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovatsion usullarini ishlab chiqadi va bu sohada ilmiy tadqiqot o‘tkazadi;
Sohada raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini qo‘llash hamda tegishli davlat organlari bilan axborot almashinuvi taʼminlanadi.