Samarqand viloyati hokimiga o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Narpay tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Sherbek Bo‘ronov Samarqand viloyati hokimining moliya-Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Navro‘z Rahmonov viloyat hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Bungacha u viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyati mudiri edi.
Urgut tumani hokimi vazifasidan ozod etilgan Botir Jabborov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshladi.
Ushbu vazifada ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev Payariq tumaniga hokim etib tayinlandi.
Bundan tashqari, Xurshidbek Samiyev viloyat hokimining o‘rinbosari - viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
U tayinlovga qadar O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlab kelgan.