Toshkent shahridagi 87 ta sanoat korxonasi shahardan tashqariga ko‘chiriladi. Bu haqda Ekoqo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Yangihayot tumani Janubiy sanoat zonasida ikkilamchi rangli metallarni yig‘ish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “O‘zvtorsvetmet” AJ faoliyati tekshirildi. Mazkur korxona ekologik xavflilikning I toifasiga mansub obyekt hisoblanadi.
2025-yil oktyabr oyida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlangan. Korxonaga majburiy ko‘rsatma berilib, yetkazilgan ekologik zarar uchun 18,09 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblandi.
Korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi va Yangihayot tumani hududida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatadi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda.