Adliya vazirligi Sardor Mamadaliyev ijro etgan qo‘shiqlar yuzasidan izoh berdi

Ushbu asarlarning huquq egalarining roziligisiz ijro etilishi qonunga zid hisoblanadi.

Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Sardor Mamadaliyev tomonidan “Ko‘rmishim”, “Bandaman” va “Karvon” qo‘shiqlari ijro etilgani aks etgan videolar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, ushbu asarlarning huquq egalarining roziligisiz ijro etilishi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunga zid hisoblanadi.

Qonunning 19-moddasiga muvofiq muallif asardan har qanday shaklda foydalanish, jumladan uni omma oldida ijro etish hamda jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha mutlaq huquqlarga ega.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar asarlardan faqat huquq egasi yoki vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanishi mumkin. Qayd etilishicha, asardan daromad olish maqsadida foydalanilgan yoki foydalanilmaganidan qat‘i nazar, bu holat baribir asardan foydalanish deb e‘tirof etiladi.

Qonunning 62-moddasiga ko‘ra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlarni takrorlash, tarqatish yoki boshqa tarzda foydalanish mualliflik huquqlarining buzilishi hisoblanadi.

Vazirlikka ko‘ra, mualliflik huquqlarini buzish fuqarolik, ma‘muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling