Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Qashqadaryoda sohalarda erishilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalar haqida nimalar dedi?
Yigʻilish avvalida davlat rahbari viloyatni viloyatda beshta yoʻnalishda — tadbirkorlik, sanoat, agrar, ichimlik suvi taʼminoti, ijtimoiy sohada erishilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 2023-yilda 207 ming nafar ish oʻrni yaratish zarurligi aytildi. Masalan, sanoatda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkin.
Bundan tashqari, viloyatda 22 ta noruda konni oʻzlashtirib, talab yuqori boʻlgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoni bor. Paxtani chuqur qayta ishlash darajasini 32 foizdan 56 foizga chiqarish uchun klasterlar tomonidan 2 trillion soʻmlik 12 ta loyihani yakunlash zarur.
Shuningdek, 18 ming gektar maydonda suv taʼminotini yaxshilab, qoʻshimcha 90 milliard soʻmlik mahsulot yetishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 million kub metr suvni iqtisod qilish, 10,5 ming gektar paxta va gʻalla maydonini qisqartirish hisobiga, 32 ming oila bandligini taʼminlash imkoniyati bor ekanligi aytildi. Viloyatda markazlashgan toza ichimlik suvi taʼminotini kelgusi yilda 60 foizga yetkazish lozimligi qayd etilgan.
Viloyat hokimi Murodjon Azimovning hisoboti
Azimov, oʻz hisobotida, 2022-yilning 9 oyida 12,5 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan, ularning soni 55 mingtaga yetgan, ularda 32 mingta yangi ish oʻrni yaratilganini aytib oʻtgan. U, shuningdek, 2023-yilda mahallalarda 15 ta “Obod mahalla” markazlarini tashkil etish, xizmatlar sohasida 6,5 mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilganini taʼkidlagan.
Qashqadaryo viloyati hokimining hisobotida aytilishicha, 5,2 ming tonna parranda goʻshti, 450 tonna baliq goʻshti, 18 tonna yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik parrandachilik majmuasini ishga tushirish moʻljallanmoqda. Qarshi shahrida loyiha qiymati 20 million dollarlik biznes markazini barpo etish koʻzda tutilgan.
Viloyatda “Sahrodan-muzlikkacha” turizm magistralini yaratish rejalashtirilgan.
Hokim, jumladan, quyidagi masalalar xususida ham soʻz yuritgan:
— 2023-yilda drayver sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirish hisobiga bu koʻrsatkichlarni tegishlicha 24 trillion soʻm, 6,3 million soʻm va 45,2 ming nafarga yetkazish;
— 2023-yilda 3,4 milliard dollarlik 769 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, buning natijasida 13 186 ta ish oʻrni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 2,9 trillion soʻmga, byudjetga tushumlarni 712 milliard soʻmga, eksportni 165 million dollarga oshirish, 110 million dollarlik importni oʻrnini bosish;
— 2023-yilda viloyatning eksport hajmini 400 million dollarga yetkazish.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident hokimning hisobotidan soʻng mutasaddilarga topshiriq berdi
Shavkat Mirziyoyevning masʼullarga bergan topshiriqlaridan eʼtiborga moliklaridan biri — Shahrisabzning Miraki, Suvtushar va Sarchashma, Kitobning Qaynar va Bashir, Qamashidagi Beshterak va Mirishkordagi Jeynov qishloqlarida turizmni rivojlantirish.
Shuningdek, prezident Shahrisabz shahridagi boʻsh turgan mulklar negizida kichik sanoat zonalari tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan. “Rubikon Voter” texnologiyasi asosida Qashqadaryoda sugʻorish tizimini yaxshilash loyihasini kengaytirish masalasini ishlab chiqish lozimligi aytilgan.
Bundan tashqari, davlat rahbari 2023-yil 1-iyulga qadar Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu yoʻlining 100 kilometr qismini taʼmirlash loyihasini ishlab chiqib, ishlarni boshlash boʻyicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyevning muhim topshiriqlari, jumladan, quyidagilar:
— yil yakuniga qadar Samarqanddan Shahrisabzga oʻtuvchi 30 kilometr yoʻlni taʼmirlash loyihasini ishlab chiqish;
— Koson tumanidagi industrial zona infratuzilmasi uchun 40 milliard soʻm ajratish;
— 13 ta bogʻchani qayta qurish hamda 14 ta mahallada yangi bogʻcha qurish loyihasini 2023-yil investitsiya dasturiga kiritish;
— yil yakuniga qadar 189 ta oilaviy bogʻcha tashkil etishga 4,5 milliard soʻm, 2023-yilda 380 ta bogʻcha tashkil etishga 52 milliard soʻm subsidiya ajratish;
— kelgusi ikki yilda Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Koson, Nishon va Chiroqchida qoʻshimcha 550 oʻrinli tugʻruq komplekslarini tashkil etish;
— yil yakuniga qadar Kitob va Qarshi tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini tashkil etish boʻyicha taklif kiritish;
— bir oy muddatda 48 ta maktabni tanlab olib, kelgusi oʻquv yilidan Finlyandiya taʼlim tizimini joriy etish.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling