O‘zbekistonda sentabr oyida nisbatan quruq va biroz iliq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Prognozlarga ko‘ra, o‘rtacha havo harorati iqlimiy me‘yorga yaqin bo‘ladi. Oyning birinchi o‘n kunligida asosan kam bulutli va quruq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda.
Bu davrda havo harorati kechasi va erta tongda 15−20 daraja, kunduzi 30−35 daraja atrofida bo‘ladi. Ayrim kunlarda harorat 37 darajagacha, janubiy hududlarda esa 38−40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Sentabrning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida nisbatan barqaror harorat foni shakllanishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi asosan 10−15 daraja, kunduzi esa 25−30 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ayrim qisqa muddatlarda harorat ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin.
Oy davomida ayrim kunlarda 1−3 kun biroz jadallikdagi yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Janubiy hududlarda esa yog‘ingarchilik ehtimoli juda kam.
Respublika hududining katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori me‘yordan kam, Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida me‘yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida esa yog‘ingarchilik miqdori me‘yordan ko‘p yoki me‘yor atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.