Samarqandda sanitariya xulosasi uchun 9 mln so‘m pora talab qilgan mansabdor ushlandi

Toyloq tumani SES bo‘linma boshlig‘i tadbirkorning non ishlab chiqarish sexiga xulosa rasmiylashtirib berish evaziga pul olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Samarqand viloyati Toyloq tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi bo‘linma boshlig‘i pora olayotganda ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, u mansabdor tanishlari orqali yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi uchun sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish evaziga 9 mln so‘m talab qilgan.

Aytilishicha, gumonlanuvchi avval 100 dollar va 500 ming so‘m olgan. Keyinchalik so‘ralgan pulning yana 400 dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling