Toshkentning Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida BRT (tezkor avtobus) yo‘lagini tashkil etish ishlari boshlanadi. Loyiha Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan BRT yo‘lagining davomi bo‘ladi.
24-iyul soat 01:00 dan 9-avgust soat 23:00 gacha Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan qismda yo‘lni BRT talablariga moslashtirish bo‘yicha qurilish-ta‘mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Mazkur davrda yo‘l transport vositalari uchun to‘liq yopilmaydi. Ishlar yo‘lning markazidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida olib boriladi, har ikki yo‘nalishda esa chetki ikkita tasma orqali avtomobillar harakati saqlab qolinadi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi haydovchilardan ushbu hududda ehtiyotkorlik bilan harakatlanish va yo‘nalishni oldindan rejalashtirishni so‘radi.