Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Singapurning Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal surʼatlarda o‘sib bormoqda. Singapurning mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 mlrd dollarni tashkil etdi.
Singapur ishbilarmonlarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olindi.
O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Singapur oliy taʼlim muassasalarining mamlakatdagi faoliyati bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.
Yaqinda O‘zbekiston BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlandi.
Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.