Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni jamoatchilik vakillari bilan birga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Markaz Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Majmua 1,8 gektar maydonda qad rostlagan, gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.
Dastlab davlat rahbari Qurʼoni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan maʼnaviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda Usmon Musʼhafi bilan bir qatorda yurtimizga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qurʼon qo‘lyozmasi jamlangan.
Prezidentga ekspozitsiyadan o‘rin olgan ayrim alohida qimmatli qo‘lyozmalar haqida ham maʼlumot berildi. Shuningdek, muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilindi.
Taqdimotda “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida markazni ijtimoiy integratsiya maydoniga aylantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusida barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar o‘rnatish, ko‘zi ojiz insonlar eksponatga yaqinlashganda audiogid orqali maʼlumotni avtomatik eshitish tizimini joriy etish, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga bir kunda o‘rtacha 5 ming nafarga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.
Shundan keyin davlat rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrifning navbatdagi qismida prezident markaz kutubxonasini ko‘zdan kechirdi. Kutubxonaning umumiy maydoni 3105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan bo‘lib, shundan 2609 tasi nodir nashrlardan iborat.
Shundan keyin prezident markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-maʼrifiy platforma faoliyati bilan tanishdi. Platforma doirasida bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etilgan.
Tashrif davomida davlat rahbari markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.
Tashrif yakunida davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.