Navoiy viloyatining Karmana tumanida davlat soliq bosh inspektori pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Karmana tumani soliq inspeksiyasining kameral soliq tekshiruvlari sho‘basida ishlovchi davlat soliq bosh inspektori yakka tartibdagi tadbirkorning soliq qarzdorligining bir qismini kamaytirib berish va unga moliyaviy jarima qo‘llamaslik evaziga 1000 dollar talab qilgan.
U mazkur pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.