Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektori pora bilan ushlandi

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.

Toshkent shahar JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Surxondaryoda ro‘yxatdan o‘tgan to‘qimachilik kompaniyasi mansabdorlariga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. 

O‘tkazilgan tekshiruvda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va shahar Soliq boshqarmasi korxonaga qo‘shimcha 8,7 milliard so‘m soliq hisoblagani aniqlandi.

Shundan so‘ng, 15-sentabr kuni sud tomonidan korxonada qayta tekshiruv o‘tkazish haqida ajrim chiqariladi. Qayta tekshiruv jarayonida Toshkent shahar Soliq boshqarmasi Soliq auditi bo‘limining bosh inspektori qo‘shimcha hisoblangan soliqni bekor qilib berishini aytib, buning evaziga MChJ vakillaridan 5 ming dollar oladi.

Ammo, bosh inspektor dastlabki taftishda hisoblangan qo‘shimcha 8,7 mlrd so‘mlik soliqni to‘liq bekor qilishni uddalay olmaydi. U muqaddam olgan 5 ming dollarni MCHJ vakillariga qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling