Sudya va ularning oila aʼzolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi. 

Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sudyani o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud apparati xodimlari bilan ishlash, moddiy-texnik taʼminot va barcha tashkiliy ishlarga masʼul bo‘ladigan “sud maʼmurchiligi” institutini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganiladi.

Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlash borasida Sudyalar intizomiy hayʼatini tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashning xolis tartibini yaratish taklif qilindi.

Sudya va ularning oila aʼzolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Bundan tashqari, mamlakatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati doirasida sud tizimida ham gender tenglikni taʼminlash masalasi muhokama qilindi. Jumladan, yaqinlashib kelayotgan 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Prezident bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yo‘nalishidagi tizimli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling