Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda kelgusi yilda viloyatda aniqlangan 114 ta qazilma konlari zaxirasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi yilda ushbu konlarda 3,2 mlrd dollarlik 91 ta loyihani boshlash, shundan 2 mlrd dollarlik qismini ishga tushirish rejalari belgilandi.
Shuningdek, drayver loyihalar infratuzilmasiga 175 mlrd so‘m ajratiladi, buning hisobiga 1,2 trln so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 9 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Turizm sohasi muhokama qilinar ekan, viloyatda atigi 47 ta mehmonxona faoliyat yuritayotgani, 4 va 5 yulduzli yoki brend mehmonxonalar mavjud emasligi qayd etildi. Boysun, Sangardak va Omonxona kabi yuqori turistik salohiyatga ega hududlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, mehmonxonalarning sonini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlari va obyektlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot ishlab chiqarishning 60 foizi Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Sariosiyo tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Kelgusi yilda Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda ixtisoslashgan boshqa tumanlarda ham eksportni ko‘paytirish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Davlat rahbari hududda yo‘llarni taʼmirlash, uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.