O‘zbekistonda havo haroratining 44–46 darajagacha ko‘tarilishi munosabati bilan yashil hududlarni saqlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududiy boshqarmalar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda daraxtlar, butalar va manzarali o‘simliklarni namlikning bug‘lanishi eng kam bo‘ladigan tong, kechqurun va tun soatlarida sug‘orishni tashkil etgan.
Ayrim hududlarda maxsus texnikalar yordamida ko‘chalar va jamoat joylarini suv sepish orqali salqinlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatida yashil hududlarni sug‘orish kuchaytirilib, favvoralar ishga tushirilgan. Qashqadaryoda daraxt va butalarni tungi sug‘orish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, Andijon va Xonobod shaharlarida ko‘chalar maxsus texnikalar yordamida salqinlashtirilmoqda.
Shuningdek, Surxondaryo, Navoiy va Namangan viloyatlarida ham ko‘chalar, daraxtlar, gulzorlar va boshqa yashil maydonlarni muntazam sug‘orish ishlari kuchaytirilgan.
Ekologiya qo‘mitasi fuqarolarni jazirama kunlarda yashil hududlarni asrashga befarq bo‘lmaslikka hamda imkon qadar daraxt va ko‘chatlarni sug‘orishga chaqirdi.