9-dekabr kuni Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqov raisligida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib taʼminlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida tashkil etilgan Respublika shtabining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Maʼlum qilinishicha, yigʻilish doirasida hozirgi vaziyat tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqilgan, qilingan amaliy ishlar haqida masʼullarning hisobotlari tinglangan, shuningdek, holatni yanada barqarorlashtirish maqsadida yangi chora-tadbirlar maʼlum qilingan.
“Mana ikki kundan buyon hududlarda va mutasaddi vazirliklarda shtablar faoliyati koʻrsatmoqda. Lekin, amaliy ishlar bilan birgalikda joylarda qator muammo va kamchiliklar hanuz kuzatilmoqda”, — deydi Umurzoqov.
Yigʻilishda aytilishicha, gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pastligi sababli respublika boʻyicha jami 462 ta mahalladagi qariyb 62 mingta xonadonga tabiiy gaz yetib bormayapti.
Toshkent viloyati prokurori Prezident Administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan gʻisht zavodni tarmoqdan uzmaslikni soʻragan.
Shuningdek, yigʻilishda vaqtinchalik cheklovlar kiritilgan boʻlishiga qaramay, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari uchrayotgani jiddiy tanqid qilingan.
“Mana, masalan, Olmaliqdagi gʻisht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, koʻrsatkichni “nol” qilib qoʻyib, gaz tarmogʻiga noqonuniy ulangan. Eng qizigʻi, ushbu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi masʼullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni soʻragan. Prokurorning manfaati bormi, bunday noqonuniy ulanishga?”, — deydi Sardor Umurzoqov.
Administratsiya rahbarining taʼkidlashicha, ushbu zavod egalarining Angrenda ham zavodi boʻlgan. Bosh vazir oʻrinbosari Joʻrabek Mirzamahmudov boshchiligadagi komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib, darrov Angrendagi zavodini yopishgan. Agar Angrendagi zavodda ham qonunbuzilish holati aniqlansa, bu boʻyicha ham alohida ish qoʻzgʻatilishi maʼlum qilingan.
“Bunaqalarning orqasida kimlar turganigacha topamiz. U hokim boʻladimi, prokuror yoki soliqchimi, farqi yoʻq, tadbirkor bilan til biriktirgan boʻlsa, javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, kamida hudud rahbarlarining beparvoligi masalasi ham koʻrib chiqiladi”, — deya taʼkidlagan Administratsiya rahbari.
Bundan tashqari, birgina Jizzax viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda bir kunda 4 ta korxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori chirchiq tumanida joylashgan “BEAUTY GLASS DECOR” shishani qayta ishlash korxonasi 2 dona shisha qayta ishlash pechlarida tabiiy gazdan foydalanib kelmoqda. Kunlik tabiiy gaz isteʼmoli 7 000 metr kubni tashkil qiladi. Bu isteʼmolchi kuz-qish mavsumida tabiiy gazdan ajratilishi belgilangan boʻlishiga qaramasdan, “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali tomonidan tabiiy gaz yetkazib berilayotganligi aniqlangan.
Adminstratsiya rahbarining soʻzlariga koʻra, bunday holat qolgan barcha hududlarda ham mavjud. Hududlarda har bir korxona va tashkilotlar oʻrganilib, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda, ular tezkor bartaraf etiladi hamda javobgarlik choralari koʻriladi.
“Bizlarni bu holatga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi. Ularning baʼzilari hozir ichimizda, yigʻilishda oʻtiribdi” — Sardor Umurzoqov.
Yigʻilish davomida “Oʻztransgaz”ga qarashli kompressor stansiyalarida ham jiddiy kamchiliklar mavjudligi maʼlum qilingan.
“Bizga kelgan maʼlumotlarga koʻra, “Oʻztransgaz”ga qarashli kompressor stansiyalarida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Jami 37 ta agregatdan 21 tasi taʼmirtalab holatga kelgan.
Joʻrabek Tursunpoʻlatovich (energetika vaziri), Bekzod Raxmatullayevich (“Oʻztransgaz” rahbari) barcha agregatlar zudlik bilan ishchi holatiga keltirilishi zarur. Nosoz agregatlar boshqa qurilmalar zoʻriqish bilan ishlashiga olib kelib, texnik nosozliklar kelib chiqishiga va isteʼmolchilarni barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlash imkonini yoʻqqa chiqaradi”, — deydi Sardor Umurzoqov.
Uning soʻzlariga koʻra, hududlarda yoʻl qoʻyilgan cheklovlar va yuz bergan avariyalar oqibatida elektr energiyasining uzilishi aholining eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Maʼlum qilinishicha, uxoro, Navoiy, Fargʻona va Toshkent shahrida 1485 ta mahalla kunning maʼlum bir vaqtida elektr taʼminotisiz qolgan.
“Ulugʻbek Mavlonovich (“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi) respublika hududlarida avariyalarni bartaraf qilish boʻyicha brigadalar sonini koʻpaytirish va avariyalarni toʻliq bartaraf etish choralarini koʻrsin”, — deydi Administratsiya rahbari.
Yigʻilish davomida koʻmir yetkazib berish koʻrsatkichlari Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala (20 foiz) va Qarshi (38 foiz) tumanlarida hamda Navoiy viloyatining Karmana tumanida (22 foiz) ancha past darajada ekanligi aytib oʻtilgan.
Shu munosabat bilan, Sardor Umurzoqov energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev, “Oʻzbekkoʻmir” AJ bosh direktori oʻrinbosari Erkin Yaqubov hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisi Husniddin Xasilovlarga koʻmir yetkazib berish boʻyicha tasdiqlangan yetkazib berish grafigi ijrosini qatʼiy taʼminlash topshirigʻini bergan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling