1-avgustdan boshlab talabalar turar joyiga (TTJ) joylashish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) xabar berdi.
Bu yildan boshlab yotoqxonaga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish kompozit (birlashtirilgan) xizmat orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Avval talabalar yotoqxonaga joylashgach, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida hujjatlar yig‘ib, boshqa idoralarga murojaat qilishi talab etilgan. Endilikda esa ushbu xizmatlar birlashtirildi.
Buning uchun my.gov.uz portalidagi “Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza yuborish” xizmati orqali ariza topshirish lozim. Ariza ko‘rib chiqilgach, talabaga elektron shartnoma va yo‘llanma taqdim etiladi.
Shartnomada ko‘rsatilgan to‘lov amalga oshirilgach, kompozit xizmat ishga tushadi va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov shakllantiriladi. Ushbu to‘lov ham amalga oshirilgach, talabaga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingani haqidagi qayd varag‘i taqdim etiladi.
Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muddati to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab shartnomada ko‘rsatilgan muddatgacha amal qiladi.