1-sentabrdan alohida ta‘limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta‘lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Prezidentning 4-avgustdagi PQ–292-son qaroriga ko‘ra, ijtimoiy xodimlar ota-onalarga bolalarni ta‘lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatadi.
Shuningdek, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanishi doimiy monitoring qilinib, zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha ijtimoiy yordam va xizmatlarga yo‘naltiriladi.
Yangi tartibga muvofiq, 3–18 yoshdagi bolalarning alohida ta‘limga ehtiyoji “Inson” markazlari huzuridagi Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan aniqlanadi.
Baholash bolaning ta‘limga ehtiyoji bo‘yicha psixologik-pedagogik diagnostika hamda uning funksional imkoniyatlari, kundalik hayotdagi faolligi va ishtiroki asosida amalga oshiriladi.
Mazkur baholash guruhlari faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.