Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida pul evaziga ovoz berishni taklif qilayotgan norasmiy reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlar orqali tashabbusli budjet loyihalariga ovoz berish evaziga pul mukofoti va‘da qilinayotgan holatlar kuzatilmoqda.
Qo‘mita bunday takliflar fuqarolarni chalg‘itishi va jarayonning shaffofligiga putur yetkazishi mumkinligini ta‘kidladi.
O‘rganishlar davomida ayrim blogerlar uchinchi shaxslar manfaatini ko‘zlab norasmiy botlar orqali haq evaziga ovoz berish mumkinligi haqidagi reklamalarni tarqatgani aniqlangan.
Reklamalarda “rasmiy” iboralari hamda Ochiq budjetportali logotipiga o‘xshash belgilardan foydalanilgani qayd etilgan.
Qo‘mita eslatishicha, “Tashabbusli budjet” loyihasida ovoz berish faqat Ochiq budjet portali, uning mobil ilovalari hamda Telegramdagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ovoz berish uchun haq olinmaydi va ovoz bergan fuqarolar uchun hech qanday moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmagan.
Shuningdek, norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma‘lumotlarga ishonish huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, avvalroq utkir_shodmonov, Mominlive.1, Aslbek_emir va jasjannew nomlari bilan faoliyat yurituvchi blogerlarga bunday reklamalarni tarqatgani uchun ogohlantirish berilib, materiallar olib tashlangan.
Raqobat qo‘mitasi “Tashabbusli budjet” jarayonlari bo‘yicha monitoringlar davom ettirilishini, qonunchilikni buzuvchi reklama va norasmiy botlar aniqlansa, vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rilishini ma‘lum qildi.