Shavkat Mirziyoyev TDTning “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi

Prezident o‘z nutqida ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Turkiy dunyo integratsiyasi qardosh xalqlar taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotgani taʼkidlandi.

"Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yana-da kuchayib, global institutlarning o‘rni va taʼsiri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda", – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Davlat rahbari oldinda ko‘p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi. Qolaversa, sammitning sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bag‘ishlangani ham bejiz emas.

"O‘lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqida ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston rahbari global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligini taʼkidladi. Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, mintaqaviy maʼlumotlar almashinuvini taʼminlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT aʼzo davlatlarining Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif etildi.

Ilmiy-maʼnaviy merosni puxta o‘rganish va targ‘ib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochildi.

"Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta maʼlumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi", – dedi davlat rahbari.

Sammitda Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va maʼrifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish taklifi ham berildi.

Yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi yuqori baholanmoqda. Prezident yoshlarning startap loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga aʼzo davlatlarni qo‘shilishga chorladi.

Yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida aʼzo davlatlar o‘rtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rta koridorni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash hamda bojxona maʼlumotlari almashinuvini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab berildi.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027-yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida TDT iqlim xatarlarini monitoring qilib borish tizimini yaratish hamda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish jarayoniga sunʼiy intellektni tatbiq etish zarurligi qayd etildi.

Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish taklifi berildi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqi yakunida taʼkidlaganidek, intellektual salohiyat va birlikning uyg‘unligi Turkiy dunyoni barqaror taraqqiyot va ilg‘or yechimlar makoniga aylantiradi.

Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling