Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznesga ma‘muriy bosimni kamaytirish bo‘yicha yangi choralarni e‘lon qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4%dan 12%ga, oxirgi o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi esa 50%dan 26%ga kamaygan.
“Iqtisodiyotni ‘soya‘dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak”, — dedi prezident.
Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida yiliga 2−3 marta, yana 21%ida esa 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bundan tashqari, yong‘in, qurilish, sanitariya, karantin va energiya inspeksiyalari tomonidan takroriy tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Shu sababli kichik biznesda inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha tekshiruvlarga uch yil muddatga moratoriy e‘lon qilinadi.
O‘rta va yirik tadbirkorlar korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazishi mumkin. Uning xulosasi soliq organlari tomonidan tan olinadi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi. Bir yil ichida takroriy tekshiruv o‘tkazishga esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.