Adliya vazirligi Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami asosida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikning Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar bank rekvizitlarini kiritmasdan, mobil telefon raqami orqali pul o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun foydalanuvchining telefon raqami uning bank hisobraqamiga bog‘lanadi.
Shundan so‘ng pul o‘tkazishda qabul qiluvchining bank hisobraqami yoki plastik karta rekvizitlari o‘rniga uning telefon raqamini kiritish kifoya qiladi.
Pul o‘tkazmalari 24/7 va real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Operatsiyani tasdiqlashdan oldin qabul qiluvchining F.I.O., banki hamda vositachilik haqi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar ko‘rsatiladi.
Shuningdek, o‘tkazmalar axborot va kiberxavfsizlik hamda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
Foydalanuvchi telefon raqamini bank hisobraqamiga bog‘lashni istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin. Bitta bank doirasida esa bir mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobraqamiga bog‘lashga ruxsat beriladi.