Qashqadaryoda tuman hokimligi xodimi pora olayotgan vaqtda qoʻlga olindi

Yakkabogʻ tumani hokimligi xodimi qurilish tashkiloti vakilidan umumiy qiymati 5 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan tenderda gʻalaba qozonish evaziga 370 mln soʻm talab qilgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Qashqadaryo viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Yakkabogʻ tumani hokimligi xodimi mahalliy qurilish tashkiloti vakilidan 370 million soʻm olayotgan vaqtda qoʻlga olindi, deya xabar bermoqda OʻzA.

Maʼlum boʻlishicha, amaldor ikkita bogʻchani kapital taʼmirlash loyihasi boʻyicha 5 milliard 250 million soʻmlik tenderda gʻolib chiqishga yordam berishni vaʼda bergan. Buning evaziga u ushbu summaning 7 foizini talab qilgan.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida ushbu jinoyatga aloqador boʻlgan Yakkabogʻ tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi xodimi qoʻlga olindi.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling