Navoiyda insonlar o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz nashri YTHda halok bo‘lgan er-xotinning yaqinlariga tayanib xabar bermoqda.
Holat Qiziltepa tumanining O‘rtaqo‘rg‘on mahallasi hududida sodir bo‘lgan. S. ismli haydovchi mahallaning Yangilanish ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yo‘lda Nexia mashinasini boshqarib ketayotib, 1971-yilda tug‘ilgan N.Y. hamda uning 1976-yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i N.U.ni urib ketgan.
YTH oqibatida er-xotin og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Ularning 3 farzandi bo‘lgan.
Marhumlarning yaqinlari holat yuzasidan tegishli organlarning harakati sust bo‘layotganligidan norozi.
“Haydovchi mast holatda bo‘lgan. Qolaversa, mashinani katta tezlikda boshqargan. Shuningdek, holat sodir bo‘lganida birinchi yordam ko‘rsatmagan. YTH sodir bo‘lganiga 3 kun bo‘ldi. Biroq hozircha hech qaysi organ xodimi marhumlarning oilasidan xabar olib, farzandlariga ko‘rilayotgan ish yuzasidan tushuntirish bermadi. Nima bo‘layotganidan xabarimiz yo‘q. Balki tergov harakatlari olib borilayotgandir. To‘g‘risi, ish “yopdi-yopdi” qilib yuborilishidan xavotirdamiz”, deydi marhumlarning Kun.uz jurnalisti bilan gaplashgan yaqini.
IIV YHXX matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, YTH 1-yanvar kuni soat 19:45 larda Qiziltepa tumani hududidan o‘tuvchi D-193 avtomobil yo‘lining 2-3-kilometrlari oralig‘ida sodir bo‘lgan. 1990-yilda tug‘ilgan S.T. Nexia mashinasini boshqarayotib, yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyodalar N.Y. va N.U. ni urib yuborgan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling